Mirziyoyev Lukashenko bilan telefon orqali muloqot qildi — ko‘rib chiqilgan masalalar

Muloqotda hamkorlikdagi loyihalarni jadallashtirish uchun Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish va faol hududlararo almashinuvlarni davom ettirish muhim ekani ta’kidlandi.
Sputnik
TOShKENT, 4-may — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan o‘tkazgan telefon orqali muloqot qildi. Unda qo‘shma kooperatsiya loyihalarini jadallashtirish va savdo munosabatlarining sur’atini ta’minlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Suhbat avvalida Belarus prezidenti 30-aprel kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha referendum muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan samimiy tabrikladi.
Prezidentlar O‘zbekiston-Belarus hamkorligi izchil rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etishdi.
Qabul qilingan “yo‘l xaritasi” asosida mashinasozlik, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika va boshqa tarmoqlarda sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha qo‘shma loyihalarni o‘z vaqtida amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ularni jadallashtirish uchun Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish va faol hududlararo almashinuvlarni davom ettirish muhim ekani ta’kidlandi.