Endi mol-mulkni auksionga qo‘yish garovga qo‘yuvchining iltimosi bilan kechiktirilmaydi

Shu yilining 1-iyulidan undiruv garovga qo‘yilgan mol-mulkka suddan tashqari tartibda qaratilganda garov obyektini “E-auksion” elektron savdo platformasida auksionga kreditorning yoki qarzdorning buyurtmasi asosida qo‘yishga ruxsat etiladi.
Sputnik
TOShKENT, 3-may — Sputnik. Garovga qo‘yilgan mol-mulkning auksionda sotilishini garovga qo‘yuvchining iltimosiga asosan kechiktirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu haqda prezidentning PF-63-sonli farmonida nazarda tutilgan.
Hujjatga ko‘ra, 2024-yil 1-yanvardan undiruv qaratilgan garovga qo‘yilgan mol-mulkning ochiq kimoshdi savdosida sotilishini garovga qo‘yuvchining iltimosiga asosan kechiktirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shu yilining 1-iyulidan undiruv garovga qo‘yilgan mol-mulkka suddan tashqari tartibda qaratilganda garov obyektini “E-auksion” elektron savdo platformasida auksionga kreditorning yoki qarzdorning buyurtmasi asosida qo‘yishga ruxsat etiladi.
Hisob-kitob va kredit munosabatlaridan kelib chiqadigan asoslar bo‘yicha qarzni undirish uchun notariuslardan ijro xati olishda tijorat banklari oldidagi qarzni ikki tomonlama tasdiqlovchi solishtirish dalolatnomasi talab etilmaydi.
2024 yil 1-yanvardan quyidagilar joriy etiladi:
to‘lovga qobiliyatsizlik tartib-taomillari jarayonida kreditorlarning garov bilan ta’minlangan talablarini garovga qo‘yilgan mol-mulk qiymatidan qanoatlantirishda ularga mutlaq ustunlik berish;
garovga qo‘yilgan mol-mulkni takroriy auksionda sotish mumkin bo‘lgan eng past narxni auksion obyekti boshlang‘ich narxining 80 foizi miqdorida belgilash.
Bunda, mol-mulk takroriy auksionda realizatsiya qilinmasa, undiruvchiga ushbu mol-mulkni auksion boshlang‘ich narxidan 25 foiz past qiymatda o‘zida qoldirish taklif qilinadi.
Shuningdek, qarzdorning ixtiyoriy ravishda tugatilishi jarayoni boshlanishi munosabati bilan davlat ijrochisi tomonidan ijro ishini tamomlash hamda mol-mulkni tasarruf qilishga doir cheklovlarni olib tashlash amaliyoti bekor qilinadi.