TOShKENT, 3-may — Sputnik. Daraxt va butalarni, boshqa o‘simliklarni va nihollarni qonunga xilof ravishda kesganlik uchun jarima miqdorlari oshirilmoqda. Bu haqda Senatning qirqinchi yalpi majlisida ma’lum qilindi.
Senatorlar majlisda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish haqidagi qonunni ko‘rib chiqishdi.
Qayd etilishicha, daraxt va butalarni, boshqa o‘simliklarni va nihollarni qonunga xilof ravishda kesganlik, kundakov qilganlik, shikastlantirganlik, yo‘q qilganlik yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazganlik uchun jarima miqdorlari oshirilmoqda.
Unga ko‘ra, ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin 1-yil davomida ushbu huquqbuzarliklar takror sodir etilsa 15 sutkaga qamoqqa olish choralari belgilanmoqda.
Shu bilan birga, endilikda daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini kesishga, kundakov qilishga, shikastlantirishga yoki yo‘q qilishga olib keladigan loyiha hujjatlarini ishlab chiqqanlik uchun ma’muriy javobgarlik ham kiritilmoqda.
Ta’kidlanganidek, mazkur qonunning qabul qilinishi ma’muriy huquqbuzarliklarning oldini olish, jismoniy va yuridik shaxslarning mas’uliyatini oshirish, shuningdek huquqbuzarliklar profilaktikasi va davlat ekologik nazoratining samarali tashkil etilishiga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.