Rossiyaning Donbassdagi maxsus harbiy operatsiyasi

Ukrainada amerikalik yollanma askar halok bo‘ldi – OAV

AQSh Davlat departamenti RIA Novostiga amerikalik fuqaroning o‘limi haqida tasdiqlagan va u haqidagi aniq ma’lumotlarni oshkor qilishdan bosh tortgan.
Sputnik
TOShKENT, 2-may — Sputnik. Ukraina Qurolli kuchlari tomonida jangovar harakatlarda qatnashgan sobiq amerikalik dengiz piyodasi Kuper Endrus Artyomovsk yaqinida halok bo‘ldi. Bu haqda CNN uning oilasiga tayanib xabar bergan.
Yollanma jangchining onasining ma’lum qilishicha, uning 26 yoshli o‘g‘li noyabr oyida o‘zi tug‘ilib o‘sgan Ogayo shtatidan Ukrainaga jo‘nab ketgan. Endrus, taxminan, 19-aprelda halok bo‘lgan, uning xorijiy legion bilan shartnomasi esa mart oyida tugagan.
AQSh Davlat departamenti RIA Novostiga amerikalik fuqaroning o‘limi haqida tasdiqlagan va u haqidagi aniq ma’lumotlarni oshkor qilishdan bosh tortgan.

“Amerika fuqarosining Ukrainada vafot etganini tasdiqlashimiz mumkin. Biz marhumning oilasi bilan aloqadamiz va har tomonlama konsullik yordamini ko‘rsatmoqdamiz. Ushbu og‘ir damda oilaning his-tuyg‘ularini hurmat qilgan holda biz qo‘shimcha ma’lumotlarni taqdim etishga tayyor emasmiz”, - dedi AQSh Davlat departamenti rasmiy vakili.

O‘tgan yilning aprel oyida Rossiya Mudofaa vazirligi Kiyev tomonidagi jangovar harakatlarda xorijiy yollanma askarlarning ishtiroki haqida xabar bergan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Ukraina hududiy mudofaa qo‘shinlari Fransiya legioni jangchilaridan iborat. O‘tgan yilning noyabr oyida rossiyalik tergovchilar Kiyev tomonida jangovar harakatlarda qatnashish uchun yollanma askarlarni tanlashda Ukrainaning xorijdagi elchixonalari xodimlari yordam berishini aniqladi.
Shuningdek, o‘tgan yili Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova Ukrainaga 60 dan ortiq davlatdan 8 mingdan ortiq yollanma askar kelganini aytgan edi.
Artyomovsk DXRning Kiyev nazorati ostidagi qismida, Gorlovka shahridan shimolda joylashgan. Bu Donbassdagi Ukraina qo‘shinlari guruhini ta’minlash uchun muhim transport markazidir. Shahar atrofida shiddatli janglar davom etmoqda.