SamDU talabalari xalqaro matematika olimpiadasida 3 ta medalga sazovor bo‘lishdi

Xalqaro matematika olimpiadasining yakka tartibda o‘tkazilgan bahslarida Kamoliddinov kumush medalni, Abdurahmonov esa bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Sputnik
TOShKENT, 2-may — Sputnik. Samarqand Davlat universiteti (SamDU) talabalari xalqaro matematika olimpiadasida 3 kumush va bronza medallarga sazovor bo‘lishdi. Bu haqda SamDU matbuot xizmati xabar berdi.
Turkmanistoning Ashxobod shahrida 23-28 aprel kunlari "OMOUS-2023" xalqaro matematika olimpiadasi o‘tkazildi.
Musobaqada O‘zbekiston, Eron, AQSh, Rossiya, Meksika, Arabiston, Vengriya kabi 20 davlatdan 300 dan ziyod talaba qatnashdi. O‘zbekistondan SamDU matematika fakulteti talabalari Davlat Kamoliddinov va Bobomurod Abdurahmonov ishtirok etishdi.
"Olimpiada ikki turda, jumladan, yakka va jamoaviy tarzda o‘tkazildi. Yakka tartibda o‘tkazilgan bahslarda Kamoliddinov kumush medalni, Abdurahmonov esa bronza medalni qo‘lga kiritdi", deyiladi xabarda.
Jamoaviy bahslarda esa universitet talabalari bronza medaliga ega chiqishdi.
Magistrant Kamoliddinov ushbu olimpiadada ishtirok etgan 46 nafar o‘zbekistonlik talabalar orasida eng yuqori natijani qayd etgan.