TOShKENT, 2-may — Sputnik. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar “Ayrim qonun hujjatlarga Qoraqalpog‘iston Respublikasida investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga qaratilgan qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ko‘rib chiqib, qabul qilishdi.
Bu qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Soliq kodeksi hamda “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunga qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Xususan, Qoraqalpog‘istonning tadbirkorlik subyektlariga vaqtinchalik imtiyozlar berilyapti.
Ya’ni foyda solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq, mol-mulk va yer solig‘i 50 foizga kamaytirilmoqda. Ijtimoiy soliq ular tomonidan 1 foiz miqdoridagi stavka bo‘yicha, yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan esa yiliga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida to‘lanadi.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududidagi nodavlat ta’lim tashkilotlari o‘quv jarayoni uchun jalb etiladigan xorijiy mutaxassislar (o‘qituvchilar) konsullik yig‘imini va doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazganlik uchun davlat bojini to‘lashdan ozod qilinadi.
Deputatlarning fikricha, qonun loyihasining qabul qilinishi Qoraqalpog‘istonning investitsiviy jozibadorligini oshirishga, tadbirkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.