O‘zbekistonda ishlanmaydigan bayram kunlari soni bittaga ko‘payishi mumkin

Ishlanmaydigan bayram kunlari qatoriga 11-noyabr — O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni qo‘shilishi kutilmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 2-may — Sputnik. O‘zbekistonda ishlanmaydigan bayram kunlari soni 10 taga yetishi mumkin. Deputatlar “Mehnat kodeksining 208-moddasiga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqib, qabul qilishdi.

"Qonun loyihasi bilan 11-noyabr – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kunini ishlanmaydigan bayram kuni sifatida belgilash nazarda tutilmoqda", - deyilgan xabarda.

Ta’kidlanishicha, bu qonun loyihasining qabul qilinishi xodimlarning kasbiy, mehnatga oid, ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini ta’minlash tizimini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.
Hozirgi vaqtda kasaba uyushmalari tizimida 34 mingdan ortiq boshlang‘ich tashkilotlar, 6 ming 700 dan ziyod xodim va 300 mingga yaqin faollar xizmat qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili prezident Shavkat Mirziyoyev kasaba uyushmalari xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llagan tabrigida 11-noyabrni — umumxalq bayrami sifatida dam olish kuni deb e’lon qilish taklifini bildirgandi.
Ma’lumot o‘rnida, amaldagi Mehnat kodeksiga muvofiq, O‘zbekistonda 9 ta (ishlanmaydigan) bayram sanalari mavjud:
1 yanvar — Yangi yil;
8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni;
21 mart — Navro‘z;
9 may — Xotira va qadrlash kuni;
1 sentabr — Mustaqillik kuni;
1 oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni;
8 dekabr — Konstitutsiya kuni;
Ramazon hayiti (Iyd al-Fitr) diniy bayramining birinchi kuni;
Qurbon hayiti (Iyd al-Adha) diniy bayramining birinchi kuni.