TOShKENT, 2-may — Sputnik. O‘zbekistonlik gimnastikachi Oksana Chusovitina Misrda o‘tkazilgan Jahon kubogida yana tengsiz deb topildi, deya xabar berdi Milliy olimpiya qo‘mitasi.
Misrning Qohira shahrida sport gimnastikasi bo‘yicha Jahon kubogining 4-bosqich bellashuvlari nihoyasiga yetdi.
Ushbu bosqich bahslaridan so‘ng yo‘nalishlar bo‘yicha mavsumning eng yaxshilari e’lon qilindi. Unda Oksana Chusovitina tayanib sakrash dasturida eng yaxshi sportchi deb tan olindi.
Chusovitina bundan avval Kotbus va Doha bosqichlarida bronza, Bokuda esa kumush medalni qo‘lga kiritgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oksana Chusovitina va Dildora Aripova Qohirada o‘tayotgan Jahon kubogi finaliga yo‘l olgani ma’lum qilingan edi. Musobaqaning birinchi kun bahslari yakuniga ko‘ra, Oksana Chusovitina tayanib sakrash, Dildora Aripova esa turli balandlikdagi bruslarda mashq dasturida final yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan.