TOShKENT, 2-may — Sputnik. O‘zbekistonda umumiy o‘rta ta’lim muddati o‘zgarmadi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xabar berdi.
Aytilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda umumiy o‘rta ta’lim maktablari 2023-2024 o‘quv yilidan boshlab 11-yillik ta’limdan 12-yillikka uzaytirilayotgani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi.
Vazirlik bunday xabarlar hech qanday asosga ega emasligini ma’lum qildi.
“O‘zbekiston Respublikasining ta’lim to‘g‘risidagi qonuniga muvofiq umumiy o‘rta ta’lim 11-yilni tashkil qiladi”, - deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, umumiy o‘rta ta’limning muddati 11-yil bo‘lib, uzluksiz ta’lim tizimining majburiy mustaqil turi hisoblanadi.