Endi ipoteka subsidiyasini olish uchun onlayn ariza yuborish mumkin

Ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalar ajratishga doir arizalar 1-maydan 1-dekabrgacha qabul qilinadi.
Sputnik
TOShKENT, 2-may — Sputnik. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida 1-maydan boshlab “Ipoteka kreditiga davlat subsidiyasini olishga ariza berish” xizmati ishga tushdi.
Ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalar ajratishga doir arizalar tasdiqlangan parametrlar doirasida 1-maydan 1-dekabrgacha qabul qilinadi.
Ipoteka kreditlari va subsidiyalarni olish tartibi o‘zgardi — tafsilotlar.
O‘zbekiston prezidentining 13-apreldagi tegishli farmoniga muvofiq joriy yil yangi tartibdagi ipoteka kreditlarini ajratishning maqsadli parametrlari tasdiqlandi.
Endilikda subsidiya ajratish jarayoniga quyidagi o‘zgarishlar kiritildi:
Subsidiya taqdim etish to‘g‘risidagi xabarnoma olingan vaqtdan boshlab 4 oy ichida amal qiladi, bu muddat tugagandan so‘ng qayta ariza berilishi mumkin;
Subsidiya olish uchun bir kalendar yilda ikki marta ariza berish bo‘yicha belgilangan cheklovlar bekor qilindi, rad etilgan arizalarga 1-dekabrga qadar qayta ariza yuborish mumkin.
Talabgorlarni tanlab olish komissiyalari tarkibidan Yoshlar ishlari agentligi bo‘lim boshlig‘i va aholi bandligiga ko‘maklashish markazi direktorlari chiqarildi.
Subsidiya olish uchun arizani aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari, Davlat kadastrlari palatasining hududiy boshqarmalari, Yoshlar ishlari agentligi bo‘limlari va tuman (shahar) hokimligi tomonidan ko‘rib chiqish tartibi bekor qilingan.
Bunda mazkur tashkilotlarning ma’lumotlari subsidiya.idm.uz dasturiy ta’minoti orqali avtomatik tarzda shakllantiriladi.
Subsidiya ajratish maqsadida uy-joyga muhtoj fuqarolarni aniqlashning ijtimoiy mezonlari doirasida quyidagilar ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan ayrim shaxslar toifasiga kiritildi:
yosh oilalar, shu jumladan, 30 yoshdan oshmagan fuqarolar;
olis va chekka hududlardagi budjet tashkilotlariga boshqa hududlardan ishlash uchun kelgan oliy ma’lumotli mutaxassislar va tibbiyot xodimlari.