TOShKENT, 1-may — Sputnik. O‘zbekistonda 2023-yil 1-iyulgacha “Texnikalar texnik ko‘rigi” avtomatlashtirilgan axborot tizimi ishlab chiqiladi. Bu 29-aprel kuni qabul qilingan “Qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalaridan foydalanish sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Hukumat qarorida nazarda tutilgan.
Qarorga ko‘ra, 2023-yil 1-maydan jismoniy va yuridik shaxslarning qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalari majburiy yillik texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi.
2023 yil 1-sentabrdan yuridik shaxs bo‘lgan tadbirkorlar jismoniy shaxslarning 100 ot kuchigacha quvvatga ega qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish faoliyati bilan shug‘ullanishi mumkin.
2023 yil 1-avgustdan qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalarini ishlab chiqaruvchi yoki maxsus savdo tashkilotlarida xaridorlarga sotilgan yangi texnikalar uchun “Hisob-ma’lumotnoma” berish amaliyoti joriy etiladi.