Senatning navbatdagi yalpi majlisi 3-may kuni bo‘lib o‘tadi

Yalpi majlisda, jumladan, “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risidagi" qonun ko‘rib chiqiladi.
Sputnik
TOShKENT, 1-may — Sputnik. O‘zbekiston Oliy Majlis Senatining qirqinchi yalpi majlisi 3-may kuni chaqiriladi. Senat Kengashi tegishli qarorni qabul qildi.
Onlayn o‘tkaziladigan mazkur yalpi majlisda qator qonunlarni muhokama qilish rejalashtirilgan, xususan:
“Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish”,
“O‘zbekistonning ayrim qonun hujjatlariga tadbirkorlarning bank hisobvaraqlaridagi pul mablag‘lari daxlsizligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi" qonunlar.
Shuningdek, yalpi majlisda “Xalqaro mehnat tashkilotining xodimlarni ish joyidagi havoning ifloslanishi, shovqin va tebranishlar tufayli yuzaga keladigan kasbiy xavf-xatardan himoya qilish to‘g‘risidagi 148-sonli Konvensiyasini (Jeneva, 1977-yil 20-iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi va “O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Tojikiston Respublikasi Hukumati o‘rtasida fors-major holatlarda davlat aviatsiyasi havo kemalari tomonidan havo hududi va aerodromlardan foydalanish sohasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni (Dushanbe, 2021-yil 10-iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonunlar ham muhokama qilinadi.