Referendum — 2023

O‘zbekistonda referendum erkin va ochiq muhitda o‘tkazildi - Lebedev

MDH kuzatuvchilari hech qanday qoidabuzarlik aniqlamagan. Aytilishicha, kuzatuvchilarning baholari xolis va asosli, chunki ular katta tajribaga ega.
Sputnik
TOShKENT, 1-may — Sputnik. “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha referendum yuqori tashkiliy saviyada, qonun talablari asosida o‘tdi, dedi MDH kuzatuvchilari missiyasi rahbari, MDH bosh kotibi Sergey Lebedev.
“Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi kuzatuvchilari missiyasi respublika konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi referendumi yuqori tashkiliy saviyada, erkin va ochiq muhitda, amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq o‘tkazildi, degan xulosaga keldi, - dedi Lebedev brifingda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, referendum tashkilotchilari mamlakat fuqarolariga o‘z xohish-irodasini erkin bildirish imkoniyatini yaratgan.
MDH kuzatuvchilari hech qanday qoidabuzarlik aniqlamagan. Aytilishicha, kuzatuvchilarning baholari xolis va asosli, chunki ular katta tajribaga ega.
“Umuman olganda, MDH kuzatuvchilari missiyasi saylovni tashkil etishdagi ijobiy o‘zgarishlarni qayd etdi – bu yangi texnologiyalardan foydalanish, ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishi va boshqa yangiliklar”, - dedi Sergey Lebedev.
Unga ko‘ra, respublika fuqarolari Konstitutsiyaga kiritilishi taklif etilayotgan o‘zgarishlarga xayrixohlik bildirmoqda.
“Ushbu tuzatishlar O‘zbekiston demokratiyasini mustahkamlashga qaratilgan. Ular hozir bu yerda e’lon qilinayotgan islohotlarni amalga oshirishga yordam beradi”, - dedi u.
30 aprel kuni O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha referendumda ovoz berish jarayonlari o‘tkazildi.
Respublika bo‘yicha tashkil etilgan jami 10758 ta referendum uchastkasi soat 08:00 da ochildi. O‘zbekistonning chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida 55 ta referendum uchastkasi o‘z faoliyatini olib bordi.
Referendumda 20 milliondan oshiq fuqaro ishtirok etish huquqiga ega edi.
Referendum jarayonlarida 964 nafar OAV vakili ishtirok etdi. Ularning 772 nafari mahalliy, 192 nafari chet ellik vakillar.
Referendum uchastkalari o‘z faoliyatini 20:00 ga qadar davom ettirdi.
Referendumga “Siz “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunini qabul qilasizmi?”, degan masala olib chiqildi. Ovoz beruvchi xohish-irodasining variantlari "ha" yoki "yo‘q" deb ko‘rsatildi.
O‘zbekistonning yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi loyihasini referendumda ovoz berganlarning 90,21 foizi qo‘llab-quvvatladi. Ovoz beruvchilarning 9,35 foizi qarshi ovoz bergan. Referendumning dastlabki xulosalariga ko‘ra, unda ovoz beruvchilarning ishtiroki 84,54 foizni tashkil etdi, 16 million 673 ming 189 kishi ovoz berdi.