TOShKENT, 1-may — Sputnik. Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisi Ulug‘bek Rozuqulovni qabul qildi, deb xabar qildi Sputnik Ozarbayjon.
Ilhom Aliyev O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga konstitutsiyaviy referendum muvaffaqiyatli o‘tkazilgani munosabati bilan tabrigini yetkazishni so‘radi.
Ozarbayjon rahbari O‘zbekistondagi jiddiy rivojlanish jarayonlari haqida so‘zlab, Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlar, jumladan, avtomobilsozlik sohasida hamkorlikni kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhimligini ta’kidladi.
Delegatsiya rahbari Ulug‘bek Rozuqulov uchrashuv davomida Ozarbayjonga tashrifi davomida ular Hojiqabul sanoat kvartalidagi ikkita ishlab chiqarish korxonasi - payvandlash va bo‘yash fabrikalariga tamal toshi qo‘yish marosimida ishtirok etishni rejalashtirayotganini aytdi.
Tashrif davomida delegatsiya Ozarbayjon iqtisodiyot vaziri Mikail Jabborov bilan ham uchrashdi va hamkorlik memorandumini imzoladi.
"Iqtisodiy zonalarni rivojlantirish agentligi, Mashina va uskunalar ishlab chiqaruvchilar uyushmasi va O‘zbekistonning "O‘zavtosanoat" AK o‘rtasida Ozarbayjonda avtotransport vositalarini ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi",- deb yozdi Jabborov ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hujjatning amalga oshirilishi Ozarbayjonda mashinasozlikni rivojlantirishga yordam beradi.