Eron Saudiya Arabistonida uchta diplomatik vakolatxona ochdi

Avvalroq Eron tashqi ishlar vaziri “yaqin kunlarda Eron va Saudiya Arabistoni elchixonalari va konsulxonalari ishlarini qayta tiklashlarini” ma’lum qilgan edi.
Sputnik
TOShKENT, 1-may — Sputnik. Saudiya Arabistonida Eronning uchta diplomatik vakolatxonasi o‘z ishini qayta boshladi. Bu haqda Eron TIV rasmiy vakili Nosir Ka’aniy ma’lum qildi.
“Ar-Riyod va Jiddada Eronning uchta diplomatik vakolatxonasi erta bosqichlarda ish boshladi”, - deya uning so‘zlarini keltirmoqda “Fars” agentligi.
28 aprel kuni Eron tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullahiyon “yaqin kunlarda Eron va Saudiya Arabistoni elchixonalari va konsulxonalari ishlarini qayta tiklashlarini” ma’lum qilgan edi.
10 mart kuni Tehron va Ar-Riyod diplomatik aloqalarni qayta tiklash va ikki oy ichida elchixonalar ishini qayta tiklashga kelishib olgan edi. Ikki mamlakat vakillari bir necha kun Pekinda muzokaralar olib borishdi. Ular yakuniga ko‘ra, uch tomonlama bayonot tayyorlangandi.
Ar-Riyod va Tehron o‘rtasidagi munosabatlar 2015-yil martida Saudiya Arabistoni boshchiligida koalitsiya Yaman hududida “Ansar Alloh” harakati (xusiylar)ga qarshi harbiy operatsiya boshlashi bilan taranglashgandi. 2016-yilda podshohlik Eron bilan diplomatik aloqalarni uzgan edi.