Referendum — 2023

Xorijdagi muddatidan oldin ovoz berish jarayonlarida necha kishi ishtirok etdi?

Qayd etilishicha, hozirgi vaqtda, O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari mavjud bo‘lgan 39 ta davlatda 55 ta referendum uchastkalari tashkil etilgan.
Sputnik
TOShKENT, 30 apr — Sputnik. O‘zbekistonning xorijdagi elchixona va bosh konsulxonalari tomonidan joriy yilning 19-26 aprel kunlari O‘zbekiston Respublikasi referendumining muddatidan oldin ovoz berish jarayonlari amalga oshirildi. Bu haqda tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Bahromjon A’loyev ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Sputnik muxbiri.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston fuqarolari zich joylashgan 40 ta xorijiy davlatlarda, jumladan O‘zbekiston diplomatik vakolatxonalari mavjud bo‘lmagan shaharlarda qo‘shimcha ravishda jami 1 003 ta muddatdan oldin ovoz berish nuqtalari tashkil etildi.
Ushbu muddatdan oldin ovoz berish jarayonida 159 276 nafar O‘zbekiston fuqarosi o‘z konstitutsiyaviy huquqlaridan foydalanishdi.
Qayd etilishicha, xorijdagi vakolatxonalar tomonidan muhim siyosiy tadbirni yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida vatandoshlar, xorijiy ommaviy axborot vositalari va chet el rasmiylari ishtirokida 500 dan ziyod tushuntirishlar, brifing va uchrashuvlar tashkil qilindi.
“Xorijdagi referendum jarayonlarini OAVda yoritilishini ta’minlash maqsadida Rossiya (Moskva, Sankt-Peterburg, Vladivostok shaharlari), Koreya Respublikasi, Qozog‘iston, Qirg‘iziston hamda Turkiya davlatlariga O‘zbekiston MTRK xodimlari jo‘natildi”, - dedi vazir o‘rinbosari.
Qayd etilishicha, hozirgi vaqtda, O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari mavjud bo‘lgan 39 ta davlatda 55 ta referendum uchastkalari tashkil etilgan.
“Xorijdagi referendum jarayonlarining dastlabkisi 30-aprel kuni yurtimizning Yaponiya va Koreyadagi diplomatik vakolatxonalarida Toshkent vaqti bilan soat 04:00 da boshlanib, so‘nggisi Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi vakolatxonalarda 1-may kuni soat 05:00 da yakunlanishini ma’lum qilamiz”, - dedi A’loyev.
Hozirgi vaqtda O‘zbekistonning Sharq va Osiyo mamlakatlaridagi diplomatik vakolatxonalarida, xususan, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Singapur, Malayziya, Indoneziya, Hindiston, shuningdek, Rossiya Federatsiyasining Vladivostok, Novosibirsk, Yekaterinburg shaharlarida hamda qo‘shni mamlakatlarda ovoz berish jarayoni boshlangan.
Bugun O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha referendumda ovoz berish jarayonlari o‘tkazilmoqda. Respublika bo‘yicha tashkil etilgan jami 10758 ta referendum uchastkasi soat 08:00 da ochildi. O‘zbekistonning chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida 55 ta referendum uchastkasi o‘z faoliyatini olib boradi.