TOShKENT, 30 apr — Sputnik. Bugun soat 15:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekiston bo‘yicha 73,17 foiz ovoz beruvchi referendumda ishtirok etdi. Bu haqda MSK raisi o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorov ma’lum qildi.
Avval ma’lum qilganidek, referendumda ovoz beruvchilar ro‘yxatiga 19 mln 722 ming 809 nafar fuqaro kiritilgan.
"O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazuvchi uchastka va okrug komissiyalaridan olingan ma’lumotlarga e’tibor qaratsak soat 15:00 holatiga ovoz beruvchi fuqarolarning 14 mln 206 ming 21 nafari yoki 73,17 foizi ovoz berdi", dedi Qo‘chqorov.
Bugun O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha referendumda ovoz berish jarayonlari o‘tkazilmoqda. Respublika bo‘yicha tashkil etilgan jami 10758 ta referendum uchastkasi soat 08:00 da ochildi. O‘zbekistonning chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida 55 ta referendum uchastkasi o‘z faoliyatini olib boradi.