TOShKENT, 30 apr — Sputnik. Bugungi siyosiy tadbirning tinch va osoyishta o‘tkazilishi, jamoat tartibining saqlanishi nazoratga olingan. Bu haqda bosh prokuror o‘rinbosari Shoxruh Aminov ma’lum qildi, deya xabar berdi Sputnik muxbiri.
Barcha sohalar va jarayonlarda bo‘lgani kabi referendum jarayonlarida ham qonun ustuvorligini ta’minlash, tegishli qonunlarning aniq va bir xilda bajarilishi ustidan samarali nazoratni amalga oshirish muhim ahamiyatga ega.
“Shu bois, referendumga tayyorgarlik ko‘rish jarayonining ilk kunlaridan boshlab, mazkur nazoratni ta’minlash vakolatiga ega bo‘lgan prokuratura organlari tomonidan fuqarolarning ovoz berish huquqlariga qat’iy rioya etilishiga, bu jarayonda qonuniylikni ta’minlashga qaratilgan barcha choralar ko‘rilmoqda”, - dedi Aminov.
Ta’kidlanishicha, hududiy prokuraturalarda ham viloyat prokurorlari boshchiligida ishchi guruhlar tuzilgan.
Ishchi guruhlarga:
referendumga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish davomida qonunlarga aniq va bir xilda rioya etilishini ta’minlash;
referendumni tashkil etish va o‘tkazishga oid, shuningdek, fuqarolarning ovoz berish huquqlari buzilishi bilan bog‘liq murojaatlarni tezkor ko‘rib chiqish va qonun doirasida hal etish;
ommaviy axborot vositalari va internet tarmog‘ida e’lon qilinayotgan xabarlarni monitoring qilib borish, referendum jarayonidagi qonun buzilishi bilan bog‘liq xabarlarni zudlik bilan o‘rganish va tezkor munosabat bildirish;
referendum jarayonlarida aniqlangan qonun buzilishi holatlarini tezkor ravishda bartaraf etilishini ta’minlash vazifalari yuklatilgan.
“Ishchi guruhlarimiz xalqaro tashkilotlar hamda keng jamoatchilik bilan yaqindan hamkorlik o‘rnatdi”, - dedi Aminov.
Bosh prokuraturada Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Ijroiya qo‘mitasi, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha burosi, Yevropa Ittifoqining maxsus vakillari va boshqa xalqaro kuzatuvchilari bilan bevosita uchrashuvlar o‘tkazilgan, ma’lumot almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan.
Ichki ishlar, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati va sud idoralari bilan yaqindan hamkorlik o‘rnatilib, mamlakatdagi vaziyat haqida real vaqt rejimida axborot almashilmoqda.
Shu kunga qadar prokuratura organlariga referendum jarayonida fuqarolardan 200 ga yaqin murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, ularda asosan referendum qonunchiligiga oid huquqiy tushuntirish so‘ralgan. Huquqbuzarliklarga oid xabarlar va murojaatlar kelib tushmagan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 19-26 aprel kunlari bo‘lib o‘tgan muddatidan oldin ovoz berish jarayonlarida prokuratura organlariga qonun buzilishiga yo‘l qo‘yilganligi haqida murojaat kelib tushmagan.
“Umuman olganda, agar referendum qonunchiligi buzilganligi haqida xabar va murojaatlar kelib tushsa yoki ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda biror ma’lumotlar e’lon qilinsa, ular o‘sha zahoti alohida nazoratga olinadi”, - deya ta’kidladi Aminov.
Qayd etilishicha, bunday murojaatlar tezkor ravishda qonun doirasida mukammal o‘rganiladi va ulardagi har bir holatga huquqiy baho beriladi.
Bugun O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha referendumda ovoz berish jarayonlari o‘tkazilmoqda. Respublika bo‘yicha tashkil etilgan jami 10758 ta referendum uchastkasi soat 08:00 da ochildi. O‘zbekistonning chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida 55 ta referendum uchastkasi o‘z faoliyatini olib boradi.