Referendum — 2023

Referendumda mahkumlar ham ovoz bermoqda — IIV

IIV: bugun qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida referendumda ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan 9 679 nafar shaxslar ovoz berish huquqidan foydalanish imkoniyatiga ega.
Sputnik
TOShKENT, 30 apr — Sputnik. Referendumda mahkumlar ham ishtirok etmoqda. Bu haqda Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev ma’lum qildi, deya xabar berdi Sputnik muxbiri.
Referendumda qamoqda saqlash joylarida ushlab turilgan hamda qamoqqa olingan, shuningdek, uncha og‘ir bo‘lmagan yoki ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlarni sodir etganligi uchun jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar ham ishtirok etmoqda.
Referendum qonunchiligiga ko‘ra, referendumga 60 kun qolganda qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylaridagi mahkumlarning ovoz berishi uchun jami 18 ta referendum uchastkalari tashkil etildi.
Xususan, bugun qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida referendumda ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan 9 679 nafar shaxslar ovoz berish huquqidan foydalanish imkoniyatiga ega.
Qayd etilishicha, referendum uchastkasi binolari atrofiga qo‘shimcha 430 ta videokuzatuv moslamalari o‘rnatildi, 648 ta bino yong‘inni o‘chirish birlamchi vositalari bilan ta’minlandi.
Shuningdek, 600 ta binoga yoritish moslamalari o‘rnatildi, 418 ta binolar atrofida avtoturargohlar tashkil qilindi.
"Agar jamoatchilik tomonidan referendumni o‘tkazish qoidalariga zid bo‘lgan harakatlar kuzatilsa, respublikaning qaysi hududida bo‘lmasin ichki ishlar organlarining “102” qisqa raqamli telefoni orqali xabar berish kerak", deydi Abdullayev.