TOShKENT, 30 apr — Sputnik. Ovoz berishning yashirinligini buzish, referendum hujjatlarini qalbakilashtirish, ovozlarni ataylab noto‘g‘ri hisoblash, ovoz berish huquqini amalga oshirishga to‘sqinlik qilish kabi jiddiy qonun buzilishi holatlari jinoiy javobgarlikka asos bo‘ladi. Bu haqda bosh prokuror o‘rinbosari Shoxruh Aminov ta’kidladi.
Shuningdek, referendum qonunchiligini buzish, ya’ni:
referendum o‘tkazuvchi komissiyalarning faoliyatiga aralashish, ularning qarorlarini bajarmaslik;
referendumga qo‘yilgan masalalar yuzasidan tashviqot olib borish shartlari va tartibini buzish;
referendumni moliyalashtirish tartibini buzish;
referendum natijalarini e’lon qilish tartibini buzish ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
“Fursatdan foydalanib, kimning ovoz berish huquqi buzilsa yoxud fuqarolarimiz referendum qonunchiligini buzish holatlariga guvoh bo‘lsa, zudlik bilan hududiy prokuratura organlariga yoki Bosh prokuraturaning 10-07 ishonch telefoniga murojaat qilishlarini so‘raymiz”, - dedi Aminov.
Ta’kidlanishicha, fuqarolarning prokuraturaga bemalol murojaat qilishlari uchun barcha imkoniyat va sharoitlar yaratilgan.
Asosiysi, murojaat qonun doirasida albatta ko‘rib chiqiladi.
Prokuratura organlari referendum jarayonida qonun ustuvorligini ta’minlashga jiddiy e’tibor qaratmoqda va buning uchun barcha sa’y-harakatlarni ro‘yobga chiqarmoqda.
Bugun O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha referendumda ovoz berish jarayonlari o‘tkazilmoqda. Respublika bo‘yicha tashkil etilgan jami 10758 ta referendum uchastkasi soat 08:00 da ochildi. O‘zbekistonning chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida 55 ta referendum uchastkasi o‘z faoliyatini olib boradi.