TOShKENT, 30 apr - Sputnik. Bugun Toshkentdagi "Humo Arena" sport majmuasida boks bo‘yicha erkaklar orasida jahon chempionatining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Marosimda bosh vazir Abdulla Aripov, Xalqaro boks assotsiatsiyasi prezidenti Umar Kremlov, sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikromov va boshqalar nutq so‘zlashdi.
"Bugun millionlab muxlislar e’tiborini O‘zbekiston va unda bo‘lib o‘tayotgan boks bo‘yicha jahon chempionatiga qaratmoqda desam, mubolag‘a bo‘lmaydi. Barcha ishtirokchilarga omad va g‘alabalar tilayman", - dedi Abdulla Aripov o‘z nutqida.
“Jahon chempionati bu butun dunyo intiqlik bilan kutayotgan sport tadbiridir. Bu chempionat tashkilotchilik va tayyorgarlik darajasiga ko‘ra barchadan o‘zib ketdi! Bekorga “Serquyosh O‘zbekiston” deyishmaydi, axir!
Men bugun chin yurakdan va qalbimni qamrab olgan quvonchdan, sizlarga yurtingiz naqadar go‘zal ekanini aymoqchiman! Jahon chempionatini ochiq deb e’lon qilaman va muxlislarga chiroyli tomosha tilayman!” — dedi Kremlov.
Eslatib o‘tamiz, Toshkentda 1-14 may kunlari bo‘lib o‘tadigan JChda 104 davlatdan 640 nafardan ortiq sportchilar, jumladan, 7 nafar jahon chempionlari ishtirok etadi. Chempionatning mukofot jamg‘armasi rekord darajadagi 5,2 million dollarga yetdi. Bu oldingi chempionatlarga qaraganda 2 baravar ko‘p. Oltin medallar egalari 200 ming dollar, kumush - 100 ming, bronza - 50 ming dollardan oladi.