Referendum — 2023

MDH kuzatuvchilari missiyasi referendum bo‘yicha xulosalarini 1-mayda e’lon qiladi — Lebedev

Hamdo‘stlikdan kelgan kuzatuvchilar O‘zbekistonning barcha viloyatlari va Toshkent shahrida ishlaydi.
Sputnik
TOShKENT, 29 apr — Sputnik. Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) kuzatuvchilar missiyasi xulosalari referendumning ertasiga, 1-may kuni e’lon qilinadi. Bu haqda missiya rahbari Sergey Lebedev MSK raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev bilan uchrashuv chog‘ida ma’lum qildi.
MDH kuzatuvchilari missiyasining bosh qarorgohiga ko‘ra, uchrashuvda Sergey Lebedev Missiya ishi haqida ma’lumot berib, muddatidan oldin ovoz berish monitoringi talablarga muvofiq o‘tganligini qayd etdi.
Referendum kuni qisqa muddatli kuzatuvchilarning asosiy guruhi o‘z vazifalarini bajarishga kirishadi.
“Hamdo‘stlikdan kelgan kuzatuvchilar O‘zbekistonning barcha viloyatlari va Toshkent shahrida ishlaydi, deb taxmin qilamiz. O‘zim ham ovoz berish kuni Toshkent shahrida referendum o‘tkazish bo‘yicha uchastka komissiyalari faoliyati bilan tanishishni rejalashtirganman”, - dedi Lebedev.
Sergey Lebedev Missiya o‘z faoliyatini O‘zbekiston qonunchiligiga, Hamdo‘stlik doirasida qabul qilingan hujjatlarga amal qilgan holda, referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga aralashmasdan, davlat suverenitetini hurmat qilgan holda erkin va mustaqil ravishda amalga oshirishini alohida ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz. Missiya va uning Bosh qarorgohi 12-apreldan referendum o‘tkazish bo‘yicha kampaniyani kuzatishni boshlagan. Uning tarkibiga Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston, Belarus va Rossiya Ittifoqi Parlament Assambleyasi, MDHga a’zo davlatlar Parlamentlararo Assambleyasi va Mustaqil Hamdo‘stlik Ijroiya qo‘mitasidan vakillik qiluvchi 95 nafar akkreditatsiyadan o‘tgan kuzatuvchilar kiradi.