TOShKENT, 28 apr — Sputnik. O‘zbekiston referendumida 611 320 nafar fuqaro muddatidan oldin ovoz berdi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi malum qildi.
O‘zbekistonda 19-26 aprel kunlari yangi yangilanayotgan Konstitutsiya bo‘yicha referendumda muddatidan oldin ovoz berish jarayonlari bo‘lib o‘tdi.
"O‘zbekiston Respublikasining referendumida joriy yil 19-26 aprel kunlari 611 320 nafar fuqarolar muddatidan oldin ovoz berdilar", deyiladi xabarda.
Referendumda muddatidan oldin ovoz berish uchun saylov uchastkalari ish kunlari soat 9:00 dan 18:00 gacha, shuningdek, dam olish va bayram kunlari soat 12:00 dan 16:00 gacha ochiq bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda referendumning asosiy kuni 30-aprel kuniga belgilangan. “Referendum to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, referendum kuni o‘z yashash joyida bo‘la olmaydigan O‘zbekiston fuqarosi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega.
Referendumga “Siz “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunini qabul qilasizmi?”, degan masala olib chiqiladi.