May oyida Xitoyda “Markaziy Osiyo + Xitoy” sammiti bo‘lib o‘tadi

Xitoyda “Markaziy Osiyo – Xitoy” shaklidagi tashqi ishlar vazirlarining to‘rtinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston, Turkmaniston va Xitoy vazirlari ishtirok etdi.
Sputnik
TOShKENT, 28 apr — Sputnik. Shu yilning may oyida Xitoyda davlat rahbarlarining “Markaziy Osiyo + Xitoy” sammiti bo‘lib o‘tadi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
Sian shahrida “Markaziy Osiyo – Xitoy” shaklidagi tashqi ishlar vazirlarining to‘rtinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. UndaO‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston, Turkmaniston va Xitoy vazirlari ishtirok etdi.
Tadbir kun tartibidan izchil rivojlanish, o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, innovatsiya va bilimlar almashinuvi, muntazam aloqalar, tinchlik va barqarorlikni ta’minlash masalalari o‘rin oldi.
Qayd etilishicha, tashqi ishlar vazirlari uchrashuv yakunlari bo‘yicha o‘z bayonotlari, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro kun tartibining dolzarb masalalari yuzasidan o‘z pozitsiyalarini bildirib o‘tdi. Xususan, Xitoy Davlat Kengashi a’zosi va tashqi ishlar vaziri Sin Gan o‘z nutqi davomida Xitoy Markaziy Osiyo davlatlarining hududiy yaxlitligi, suvereniteti va mustaqilligini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.
Shuningdek, u tomonlar bir-birlarining milliy manfaatlarini hurmat qilishlarini va tashqi kuchlarning ichki ishlarga aralashishiga yo‘l qo‘ymasligini ta’kidladi.
Sianga safar davomida O‘zbekiston TIV rahbari Baxtiyor Saidov jahondagi eng yirik elektr transport vositalari ishlab chiqaruvchi BYD kompaniyasiga tashrif buyurdi.
Ekologik toza avtomobillarni yig‘ish va ishlab chiqarish orqali kompaniyaning O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirish kun tartibidagi asosiy mavzu bo‘ldi.
Sian shahridagi yana bir manzil quyosh panellarini yetkazib berishda yetakchi LONGi Solar kompaniyasi bo‘ldi.

“Hozirda mamlakatimiz yashil iqtisodiyotga o‘tmoqda. Mazkur kompaniya asoschisi va prezidenti Li Chengo janoblarini mintaqadagi ulkan salohiyatimizni o‘rganish maqsadida O‘zbekistonga taklif qildik”, - deb yozadi Baxtiyor Saidov Telegram-kanalida.