Toshkent va Bishkekda savdo uylari ochiladi — tafsilotlar

O‘zbekiston va Qirg‘iziston poytaxtlarida savdo uylarini ochish bo‘yicha kooperatsiya loyihalari tezlashtiriladi.
Sputnik
TOShKENT, 27 apr — Sputnik. O‘zbekiston va Qirg‘iziston poytaxtlarida savdo uylarini ochish bo‘yicha kooperatsiya loyihalari tezlashtiriladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iz respublikasi Vazirlar Mahkamasi raisi Aqilbek Japarov o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ma’lum qilindi.
Toshkent investitsiya forumi dasturi doirasida Shavkat Mirziyoyev Aqilbek Japarovni qabul qildi. Uchrashuvda O‘zbekiston-Qirg‘iziston ko‘p qirrali hamkorligiga oid amaliy jihatlar muhokama qilindi.
“Davlat rahbari avtomobilsozlik, energetika, transport infratuzilmasi, poytaxtlarda savdo uylarini ochish bo‘yicha kooperatsiya loyihalarini tezlashtirish zarurligini ta’kidladi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, mamlakatlar o‘rtasida jadal muloqotlar davom ettirilmoqda, muhim iqtisodiy loyihalar va gumanitar dasturlar amalga oshirilmoqda.
Hozirda hududlar forumi va Avlodlar uchrashuvini o‘tkazishga puxta tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Ma’lumot uchun, yaqinda O‘sh shahrida Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi teatrning yangilangan binosi tantanali ochildi. Qo‘qon shahrida esa sportchilarning spartakiadasi muvaffaqiyatli o‘tkazildi.