Yurtimizdagi yutuqlaringizni shaxsan kafolatlashga tayyorman – Mirziyoyev xorijiy tadbirkorlarga

Ta’kidlanishicha, bundan buyon, tadbirkor va investorlar sudda o‘z talabining to‘g‘riligini isbotlashi shart emas. Endi davlat idorasi o‘z qarorining qonuniyligini isbotlab berishga majbur bo‘ladi.
Sputnik
TOShKENT, 27 apr — Sputnik. Xalqaro kongress markazida ikkinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi boshlandi. Uning yalpi majlisida prezident Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlamoqda.
“Men xorijiy kompaniyalar va tadbirkorlar bilan ko‘proq muloqot qilishga intilaman. Sizlarning g‘oya, taklif va tashabbuslaringiz menga kuch-g‘ayrat beradi, yangi islohotlarga undaydi. Shu bois, yangi-yangi investorlar bilan tez-tez uchrashuvlar o‘tkazishga, sizlarning yurtimizdagi yutuqlaringizni shaxsan kafolatlashga tayyorman”, - dedi prezident.
Investorlar huquqlarini sud orqali kafolatli himoya qilish borasida katta qadamlar qo‘yilmoqda.
Ta’kidlanishicha, bundan buyon, tadbirkor va investorlar sudda o‘z talabining to‘g‘riligini isbotlashi shart emas. Endi davlat idorasi o‘z qarorining qonuniyligini isbotlab berishga majbur bo‘ladi. Yuzaga kelgan har qanday noaniqliklar esa investorlar foydasiga hal qilinadi.
“Joriy yilda ham tadbirkorlar huquqini himoya qilish bo‘yicha islohotlarimiz davom ettiriladi. Jumladan, xalqaro ekspertlar ko‘magida tariximizda ilk bor Xalqaro tijorat sudi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi”, - dedi davlat rahbari.