Mirziyoyev Osiyo futbol konfederatsiyasi rahbarini qabul qildi

O‘zbekiston va konfederatsiya o‘rtasida sermahsul hamkorlik olib borilayotganiga alohida mamnuniyat bildirildi.
Sputnik
TOShKENT, 27 apr — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Osiyo futbol konfederatsiyasi rahbari Shayx Salmon bin Ibrohim Al Xalifani qabul qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari Salmon bin Ibrohim Al Xalifani qit’a konfederatsiyasi prezidenti lavozimiga qayta saylangani bilan samimiy qutlab, Osiyoda ushbu sport turini ommalashtirishga qo‘shayotgan shaxsiy hissasini qayd etdi.
O‘zbekiston va konfederatsiya o‘rtasida sermahsul hamkorlik olib borilayotganiga alohida mamnuniyat bildirildi.
Shayx Salmon bin Ibrohim Al Xalifa O‘zbekistonda havaskor va professional futbolni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy infratuzilma va o‘qitish bazasini barpo etish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarni yuqori baholadi. Mamlakatda yoshlar o‘rtasida Osiyo chempionatlari muvaffaqiyatli o‘tkazilgani va yaqinda milliy terma jamoa g‘alaba qozongani bilan chin dildan tabrikladi.
Uchrashuv davomida Osiyo futbol konfederatsiyasi bilan amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish, yirik tadbirlar, shu jumladan xotin-qizlar va yoshlar o‘rtasidagi birinchiliklarni tashkil etish va o‘tkazish, ushbu sport turini ommalashtirish, ilg‘or tajribani joriy qilish va metodologik yordam ko‘rsatish, murabbiylarning malakasini oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.