TOShKENT, 27 apr — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Islom taraqqiyot banki prezidenti Muhammad bin Sulaymon al-Jassirni qabul qildi.
Uchrashuvda yangi o‘rta muddatli sheriklik dasturi doirasida Bank guruhi bilan hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, hozirda qo‘shma loyihalar portfeli iqtisodiyotning qator tarmoqlarini qamrab olgan holda 1,3 milliard dollardan oshgan.
“Forum doirasida qishloq va transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, maktabgacha ta’limni rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish yuzasidan umumiy qiymati 400 million dollarlik bitimlar imzolandi”, deyiladi xabarda.
Uchrashuvda e’tibor qaratilgan masalalar:
Amaliy hamkorlikni rivojlantirish;
Tadbirkorlik va xususiy investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlash;
Moliyaviy vositalarni takomillashtirish;
Bank tuzilmalarini loyiha ishlariga faol jalb qilish borasida aniq loyihalarni ilgari surish;
Mamlakatning JSTga qo‘shilishi va innovatsion ekotizimni yaratish masalalarida texnik ko‘makni kengaytirish.