Umurzoqov Sankt-Peterburg delegatsiyasi bilan uchrashdi

Toshkent shahar hokimi v.b. O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik va keng ko‘lamli hamkorlik hududlar miqyosida ham samarali olib borilayotganligini ta’kidladi.
Sputnik
TOShKENT, 26 apr — Sputnik. Toshkent shahar hokimi v.b. Shavkat Umurzoqov Sankt-Peterburg shahri vitse gubernatori Kirill Polyakov boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Umurzoqov ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik va keng ko‘lamli hamkorlik hududlar miqyosida ham samarali olib borilayotganligini ta’kidladi.

Umurzoqov Toshkent shahrining Sankt-Peterburg bilan aloqalari serqirra ekanligiga to‘xtalib, savdo-sotiq, sanoat, ta’lim, madaniyat, turizm, qurilish, zamonaviy texnologiyalar sohasidagi hamkorlik qatori qo‘shma investitsion loyihalarni amalga oshirish, ikki tomon tadbirkorlari o‘rtasida munosabatlarni mustahkamlash, o‘zaro samarali bo‘lgan iqtisodiy yo‘nalishlarni rivojlantirish muhimligiga e’tibor qaratdi.

Sankt-Peterburg Tashqi aloqalar bo‘yicha qo‘mitasi raisi Yevgeniy Grigoryev bu uchrashuv Toshkentda yirik va nufuzli xalqaro tadbir – “INNOPROM. Markaziy Osiyo” xalqaro ko‘rgazmasi o‘tkazilayotgan kunlarda bo‘lib o‘tayotgani ham ahamiyatli ekanligini qayd etdi. O‘zbek xalqining ikkinchi jahon urushi yillarida ko‘rsatgan mardligi, jasorati, bag‘rikengligi uchun piterliklar O‘zbekistonni alohida qadrlashini bildirdi.
U turli sohalarda o‘zaro aloqalarni kengaytirish va taraqqiy ettirishda Toshkent shahri delegatsiyasining Sankt-Peterburgga tashrifi ahamiyatli bo‘lishini ta’kidlab, hokimlik delegatsiyasini Peterburgga taklif etdi.

Sankt-Peterburg shahri vitse gubernatori Kirill Polyakov yo‘l-transport sohasida amalga oshirilgan ishlar, xususan, aholini sifatli transport xizmati bilan ta’minlash, tirbandliklarning oldini olish, sohaga innovatsion texnologiyalarni joriy etish samaralari haqida ma’lumot berdi.

Uchrashuvda qurilish va kommunal xo‘jalikda qo‘llanilayotgan yangi texnika va texnologiyalar borasida ham fikr almashildi.
Tomonlar amaliy muloqotlar davom etishini bildirishdi.