Namanganda energotejamkor nasos agregatlari ishga tushirildi

Mazkur qurilmalar 10 mlrd davlat budjeti hisobiga o‘rnatilgan.
Sputnik
TOShKENT, 26 apr — Sputnik. Namangan viloyatining Uychi tumanida joylashgan “Qizil Rovot” suv olish inshootida 11,5 mlrd so‘mlik energotejamkor nasos agregatlari o‘rnatildi. Bu haqda Namangan viloyati hokimligi xabar berdi.
“Namangan suv ta’minoti” MChJ tasarrufidagi “Qizil Rovot” suv olish inshootida 3 ta yangi energotejamkor nasos agregatlari o‘rnatilib, dastlabki sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Mazkur qurilmalar uchun davlat budjetidan 10 mlrd so‘m va “O‘zsuvta’minot” AJ hisobidan 1,1 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan, shuningdek, qo‘shimcha texnik ta’minot ishlariga korxona hisobidan 400 mln sarflangan.
Hozirda inshootga 3 ta yangi zamonaviy energotejamkor nasos agregatlari o‘rnatildi. Endilikda Namangan shahri, Uychi, Chortoq va Yangiqo‘rg‘on tumanlari hududlariga yanada ko‘proq ichimlik suvi yetkazib beriladi.
Yangi qurilmalar ishga tushishi natijasida o‘rtacha bir soatda 500 kVtdan, sutkasiga 12 000 kVtdan, yil davomida 4 380 000 kVt yoki 2 mlrd so‘mdan ortiq elektr energiyasi tejab qolinadi.