TOShKENT, 26 apr — Sputnik. Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchisining qonuniy talablarini bajarmaslikka da’vat qilganlik javobgarlikka sabab bo‘ladi. Bu haqda prezident tomonidan imzolangan O‘RQ–832 sonli qonunda nazarda tutilgan.
Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritildi.
Unga ko‘ra, Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchisining qonuniy talablarini bajarmaslikka da’vat qilganlik BHMning 1 baravaridan 12 baravarigacha (3,6 mln so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Jarimani qo‘llash quyidagi hollarda amal qiladi:
Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchisining huquqbuzarliklarni to‘xtatish;
hujjatlarni tekshirish uchun taqdim etish;
ko‘rsatilgan muddatda Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari bo‘linmalariga (huquqni muhofaza qiluvchi organlarga) borish yoki ushbu bo‘linmalarda hozir bo‘lish to‘g‘risidagi qonuniy talablarini uzrli sabablarsiz bajarmaslik;
transport vositasini to‘xtatish;
jabrlanuvchilarga yordam ko‘rsatish haqidagi qonuniy talablarini bajarmaslik yoxud Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchisining qonuniy talablariga boshqacha tarzda bo‘ysunmaslik.
Quyidagi holatlar BHMning 3 baravaridan 20 baravarigacha (900 ming so‘mdan 6 mln so‘mgacha) miqdorda jarima solish yoki 15 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.
Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchisining o‘z xizmat vazifalarini bajarishi bilan bog‘liq qonuniy talablarini bajarmaslikka omma oldida har qanday shaklda da’vatlar qilish;
xuddi shuningdek Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilariga ommaviy ravishda bo‘ysunmaslikni keltirib chiqarish maqsadida bila turib soxta uydirmalarni tarqatish.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.