TOShKENT, 26 apr — Sputnik. Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi rahbari Akilbek Japarov amaliy tashrif bilan Toshkentga keldi. Bu haqida Sputnik Qirg‘iziston xabar qilmoqda.
Poytaxtda Qirg‘iziston bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev ishtirokida bo‘lib o‘tadigan Ikkinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida nutq so‘zlaydi. Shunngdek, Japarov bosh vazir Abdulla Aripov va Prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umurzoqov bilan uchrashadi.
Ma’lumot uchun, II Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TIIF-2023) 27-28 aprel kunlari Congress Hall Tashkent Cityda bo‘lib o‘tadi. Tadbirda 70 ta davlatdan 2500 nafar vakil qatnashishi rejalashtirilgan. Forumning maqsadi nafaqat O‘zbekiston, balkim butun Markaziy Osiyoning investitsiyaviy salohiyatini ochib berishga qaratilgan. Forum doirasida yalpi majlis, ekspertlarning 30 dan ortiq qizg‘in bahs-munozaralari, panel munozaralari, davra suhbatlari va b2b muzokaralari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.