TOShKENT, 25 apr — Sputnik. Rossiya mintaqaning barcha davlatlari bilan hamkorlikni mutanosib ravishda kengaytirishdan manfaatdor. Bu haqda Rossiya sanoat va savdo vaziri Denis Manturov ma’lum qildi, deya xabar berdi Sputnik muxbiri.
“INNOPROM”ning asosiy sessiyasida O‘zbekiston, Rossiya va mintaqaning boshqa mamlakatlari hukumat rahbarlari, shuningdek, tadbirkorlik birlashmalari va ishlab chiqarish kompaniyalari rahbarlari yig‘ildi.
Unda hukumat raisi o‘rinbosari, Rossiya sanoat va savdo vaziri Denis Manturov so‘zga chiqdi.
U o‘z nutqi davomida Rossiya mintaqaning barcha davlatlari bilan hamkorlikni mutanosib ravishda kengaytirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.
“INNOPROMni Toshkentda o‘tkazish g‘oyasi yomon emas edi. Bu ishlarning samarasini ko‘rib turibmiz. Bu davlatlarimiz o‘rtasidagi sheriklik va do‘stona munosabatlarning o‘ziga xos xususiyatini ta’kidlaydi”, - dedi u.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Toshkentdagi “INNOPROM” butun Markaziy Osiyoda sanoatni rivojlantirish masalalarini qamrab oladi.
“Biz mintaqaning barcha davlatlari bilan hamkorlikni mutanosib ravishda kengaytirishdan manfaatdormiz”, — dedi Manturov.
Eslatib o‘tamiz, poytaxtdagi “O‘zekspomarkaz”da “Innoprom” ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda. Ko‘rgazma bu yil nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun ulkan sarmoyaviy iqtisodiy va sanoat istiqbollari kun tartibini ochib beradi.
Ko‘rgazmada ishtirok etish uchun MDH davlatlari, Fransiya, Italiya, Niderlandiya, Hindiston, Singapur, Xitoy, Yaponiya, Armaniston, Qozog‘iston, Turkiya va Turkmanistondan 5 mingdan ortiq delegatlar, shuningdek, 300 dan ortiq xorijiy kompaniyalar, biznes vakillari va hukumat amaldorlari ro‘yxatdan o‘tgan.
Tadbirning asosiy maqsadlari – sohadagi eng ilg‘or texnologiyalar va ishlanmalarni keng targ‘ib qilish, O‘zbekiston sanoat korxonalari va boshqa mamlakatlar o‘rtasida aloqalarni yo‘lga qo‘yishdan iborat. Investitsion bitimlar va savdo shartnomalarining mustahkam paketi imzolanishi kutilmoqda.