TOShKENT, 25 apr — Sputnik. Toshkentda yer usti halqa metro yo‘lining ikkinchi bosqichi doirasida qurib bitkazilgan 5 ta bekatda yo‘lovchilarni tashish boshlandi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
“Qo‘yliq – Quruvchilar” uchastkasida qurilish ishlari tugatilgan 5 ta bekat umumiy uzunligi 7,74 kilometr.
Shunday qilib, Toshkent metropolitenining bekatlari soni 48 taga yetdi. Yer usti metrosi qurilishining ikkinchi bosqichi to‘liq yakunlanishi bilan Toshkent metropolitenining jami uzunligi 70 kilometrdan ziyod, bekatlar soni 50 ta bo‘ladi.
2020 yil avgustda Toshkent yer usti metrosining birinchi bosqichi ishga tushirilgan edi. O‘sha yil dekabrda Sergeli yo‘nalishi ochildi.
Hozir loyihaning 3,8 km uzunlikdagi 2 ta bekatni o‘z ichiga oluvchi "Quruvchilar–Qipchoq" qismida qurilish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qo‘yliq – Sergeli yo‘nalishida qurilgan 5 ta bekatda sinov tariqasida poyezdlarning texnik qatnovi boshlangani xabar qilingan edi.