Innoprom — 2023

O‘zbekiston “Gazprom neft” bilan 300 ming tonna neft yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishdi

Energetika vazirligi Davlat tomonidan tartibga solish bosh boshqarmasi boshlig‘i Adhamjon Ubaydullayevning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston Rossiyaning neft-gaz sanoati kompaniyalari bilan hamkorlikni kengaytirish niyatida.
Sputnik
TOShKENT, 25 apr — Sputnik. O‘zbekiston Rossiyaning “Gazprom neft” kompaniyasi bilan 300 ming tonna neft yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda Energetika vazirligi Davlat tomonidan tartibga solish bosh boshqarmasi boshlig‘i Adhamjon Ubaydullayev ma’lum qildi, deya xabar berdi Sputnik muxbiri.
Adhamjon Ubaydullayevning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 2022-yilda atigi 51,5 milliard kub metr tabiiy gaz ishlab chiqarilgan. Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha respublika dunyoning birinchi 20 taligiga kiradi va bu hajmda Rossiya kapitali ishtirokidagi kompaniyalar, korxonalarning ulushi 30% dan ortiq (15 milliard kub metr)ni tashkil etadi.
Respublika neft-gaz sanoatining eng yirik investori “Lukoyl” kompaniyasi bo‘lib, u “mahsulot taqsimoti bo‘yicha kelishuvlar” asosida amalga oshirilgan ikkita loyihaga 10 milliard dollardan ortiq sarmoya kiritgan.
Joriy yilda tabiiy gaz qazib olish hajmini oshirish rejalashtirilgan. Rossiya kapitali ishtirokidagi kompaniyalarning ulushi esa 30% darajasida qolmoqda.

“Bu biz Rossiya kompaniyalari bilan bu borada juda yaqin aloqalar o‘rnatganimizdan dalolat beradi. “Gazprom neft” bilan 300 ming tonna neft yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishildi. "Tatneft"da allaqachon uchta yoqilg‘i quyish shoxobchasi mavjud. Biz ular bilan O‘zbekistonda faoliyatni kengaytirish masalalarida hamkorlik qilish niyatidamiz”, - deydi u.

Aytilishicha, ular bilan O‘zbekistondagi ikkita yirik zavoddan biri bo‘lgan Buxoro neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qilishda ishtirok etish masalasi muhokama qilinmoqda.
Uning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekiston neft-gaz va kimyo sanoati uchun ishlab chiqarish va ta’mirlash hamda servis ishlarini mahalliylashtirishdan manfaatdor.