G‘arb uni nima uchun yoqtirmasliklarini fahmlay boshladi
Vashington o‘nlab boshqa g‘arbiy bo‘lmagan mamlakatlarni o‘zidan uzoqlashtirdi. Ular Amerika ta’siri ostidan chiqib, sobiq gegemonga mutlaqo e’tibor bermay, tezkorlik bilan yo‘nalishlarini o‘zgartirishdi.
SputnikTOShKENT, 25 apr — Sputnik. Maxsus harbiy operatsiyaning oraliq natijalaridan biri Vashingtonning global qudratini yo‘qotishi bo‘ldi. To‘g‘ri, AQSh G‘arb ittifoqchilarini harakatga keltirib, safarbar qilishga muvaffaq bo‘ldi, ammo bu – Ukraina mojarosi tugaganidan keyin ham davom etadigan cheksiz janjallar, tortishuvlar va ajralishlar evaziga amalga oshirildi.
Shu bilan birga, Vashington o‘nlab boshqa g‘arbiy bo‘lmagan mamlakatlarni o‘zidan uzoqlashtirdi. Ular Amerika ta’siri ostidan chiqib, sobiq gegemonga mutlaqo e’tibor bermay, tezkorlik bilan yo‘nalishlarini o‘zgartirishdi. Gegemon atrofga qaradi va yolg‘iz qolganligini ko‘rdi.
AQSh bilan iqtisodiy aloqalar borasida chambarchas bog‘liq bo‘lgan Xitoy Davlat kotibi Blinkenni ochiqdan-ochiq tahqirlamoqda. O‘nlab yillar davomida Vashington nazarida bo‘lgan Hindiston uning Ukraina bilan hamjihatlikka bo‘lgan barcha chaqiriqlariga e’tibor bermayapti. Amerikaliklar go‘yo o‘z uyida bo‘lgan Afrika ham Rossiya bilan iqtisodiy va harbiy hamkorlikni rivojlantirmoqda.
Amerikaliklar yarim asrdan beri aloqa o‘rnatib kelayotgan Saudiya Arabistoni neft qazib olishni qisqartirishdan bosh tortmoqda va neft eksportini dollarsizlantirish jarayonini boshlamoqda. Hatto, amerikaliklar o‘zlarining protektorati deb hisoblashga odatlangan Lotin Amerikasi davlatlari ham Oq uyda mojarolarni qo‘zg‘atishga yo‘l qo‘yilmasligi haqida ma’ruza qilishmoqda, Xitoy va Rossiya bilan do‘stona aloqalar o‘rnatishmoqda.
Turkiyaning ham to‘satdan o‘z manfaatlari paydo bo‘ldi. Shuningdek, Nigeriyaning ham. Indoneziya va Braziliyaning ham. Ularning hech biri Ukrainani Rossiya bilan yo‘q qilish ishtiyoqida Vashingtonni qo‘llab-quvvatlamaydi. Vaziyat haqiqatan ham misli ko‘rilmagan. Ko‘p qutbli dunyo gullab-yashnamoqda.
Biroq, AQSh hali hanuz juda boy davlatdir. Dunyodagi birinchi armiya esa hech qayerga yo‘qolgani yo‘q, haqiqatga tik qaraylik. Samolyot tashuvchilar ham joyida. Janob Blinken ham, o‘zining gey huquqlari bilan. Ammo to‘satdan bularning hammasi ishlamay qoldi. Amerikaning “zulm va hukmronlik” siyosati nima uchun ishdan chiqdi?
Bir tomondan, dunyo mamlakatlari rahbarlari Rossiya-Ukraina harbiy harakatlar teatriga nazar tashlashganda, birinchi navbatda, Vashingtonning Rossiyaga oshkorona hujumini ko‘rishdi. Agar keyingi navbatda turgan men bo‘lsamchi? – degan fikr ularning har birining xayolidan o‘tdi.
Boshqa tomondan, G‘arbning harbiy resurslari Moskva tomonidan muvaffaqiyatli parchalanishi umid bag‘ishlaydi. Rossiya ham harbiy, ham iqtisodiy bosimga dadil qarshilik ko‘rsatmoqda va o‘z yo‘nalishi bo‘yicha qolishda davom etmoqda. Shunday qilish ham mumkinmidi? – deb o‘yladi butun dunyo davlatlari rahbarlari. Demak, AQSh o‘ylagandek qudratli emasmi? Ularning barcha tahdidlari esa, ehtimol, shunchaki quruq gapdir? Xullas, shu yo‘sinda quloq solmaslik jarayoni boshlandi.
Bir yil ham bo‘lmadiki, Amerikaliklar qanday dahshatli izolyatsiyada ekanliklarini tushuna boshladilar. “G‘arb va butun dunyo o‘rtasidagi tafovut urush (Ukrainadagi) tushunchasidan ko‘ra chuqurroqdir. Uning sababi – Sovuq urush davridan beri G‘arbning globallashuv yetakchiligidagi xatolariga nisbatan paydo bo‘lgan jiddiy norozilik (aniqrog‘i, g‘azab)dir” – degan fikrni Britaniyaning tashqi ishlar sobiq vaziri Devid Milliband Foreign Affairs jurnalidagi maqolasida bildirdi.
Ruscha gapiradigan bo‘lsak, AQSh va uning bir nechta vassallari so‘nggi o‘ttiz yil davomida Global Janubni aqldan ozgandek talon-taroj qilishdi. So‘nggi yillarda ular boshlagan jahon iqtisodiyotini qayta qurish – talonchilikning yangi bosqichini anglatardi. Tabiiyki, dunyo mamlakatlari ison ko‘tardilar.
Janob Millibandning tan olishicha, bu global qo‘zg‘olon Amerikaning “qoidalarga asoslangan tartibi”ni yo‘q qilish bilan tahdid qilmoqda. Qolaversa, dunyo aholisining uchdan ikki qismidan ko‘prog‘i Rossiyani qo‘llab-quvvatlovchi yoki unga nisbatan betaraf bo‘lgan mamlakatlarda istiqomat qiladi”.
Bularning barchasi bilan nima qilish kerak? Amerika gegemonligini qanday saqlab qolish mumkin? Millibandning AQShga maslahati – maqolasida ko‘rsatilgan asosiy maslahat – global janub mamlakatlariga ko‘proq pul tikish va BMTni qayta isloh qilish (bu Rossiya ta’sirini sustlashtirish maqsadida Britaniya Xavfsizlik Kengashini qayta shakllantirishdagi sevimli yondashuvidir).
Biroq, AQShda, hatto barcha xayriyalar o‘g‘irlanmagan bo‘lsa ham, rivojlanayotgan mamlakatlarga g‘amxo‘rlik qilish uchun yetarli pul yo‘q. Buning o‘rniga ular monopoliyadan voz kechishlari mumkin edi, ammo bu ular uchun muqaddasdir. Hech kim kurashsiz undan voz kechmaydi. Demak, “iqtisodiy birdamlik” haqidagi gap-so‘zlar tom ma’noda "kambag‘allar foydasiga" qabilida bo‘lgan.
Bundan tashqari, Global Janubning “g‘azabi va alami” faqat qisman iqtisodiy mohiyatga ega. Axir, anglo-sakslar odamlarni o‘ldirish va yerlarni bosib olishdan xazar qilmay, bejizga boshqa mamlakatlarni talon-taroj qilishmaydi. Ular, shuningdek, chidab bo‘lmas ikkiyuzlamachilik bilan jabrlanuvchilarga o‘zini qanday tutishni, nima deyishni va qanday fikrlashni o‘rgatadi.
Rivojlanayotgan davlatlar bugungi kunda jadal taraqqiy topmoqda. Ularning o‘z o‘rta sinflari, o‘z bilimli qatlami va aqlli, zukko yoshlari bor. Oddiy britaniyalik yoki amerikalikdan farqi yo‘q bu odamlar, avvalambor, G‘arbning takabburligidan nafratlanadi. Ularing, inson shaxsiy hayotiga, uning e’tiqodiga, madaniyatiga aralashuvchi bezbetligidan nafratlanishadi. Bu o‘zi jirkanch holat, uning ustiga buzuqlik targ‘iboti boshlanganda esa, hamma o‘rnidan turadi va ketadi: “Teatr yopildi, bizning ko‘nglimiz aynimoqda”.
Biroq, Millibandga buni tushuntirib bo‘lmaydi. Britaniyalik sobiq vazir tashqi tarafdan qanday ko‘rinayotganini tushunmasa kerak. O‘z joniga qasd qilish kabi anglo-sakson chaqiruviga bo‘ysunmagan barcha mamlakatlarni u fence-sitters deb ataydi. Bu, to‘g‘ridan-to‘g‘ri, “panjara ustida o‘tirganlar” degan ma’noni anglatadi. Majoziy ma’noda – “ikki stulda o‘tirish”.
Xullas, Foreign Affairs dagi barcha muzokaralar shunday haqoratli uslubda davom etadi. Milliband ikki stulda o‘tirganlarga tanbeh beradi, uning raqibi, braziliyalik siyosatshunos Matias Spektor ularni himoya qiladi: ular aybdor emas, ular shunchaki katta kuchlar jangida omon qolishga harakat qilmoqda.
Ammo, kechirasiz-u, bularning hammasi – milliardlab odamlar, nafaqat AQSh, balki Angliya ham mavjud bo‘lmagan paytlarda paydo bo‘lgan qadimgi mamlakatlardir. U yerda, ehtimol, G‘arb kamtarlik bilan tinglashi kerak bo‘lgan qarorlarni o‘zlari qabul qilishlari mumkin.
Lekin yo‘q, G‘arb rahbarlari tomonidan faqat haqoratlar chiqishi mumkin. Shu yo‘sinda G‘arb nomli aysberg butun insoniyatdan ajralib, Buyuk Fano sari suzib ketmoqda.