Shikastlangan daraxt haqida xabar berishga mo‘ljallangan maxsus bot ishga tushirildi

Tabiat resurlari vazirligi aholining e’tiborini daraxtlarni asrashga va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga qaratilgan maxsus botni ishga tushirdi.
Sputnik
TOShKENT, 25 apr — Sputnik. Shikastlangan daraxt haqida xabar berishga mo‘ljallangan maxsus bot ishga tushirildi. Bu haqda Tabiat resurlari vazirligi xabar berdi.
Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad aholining e’tiborini daraxtlarni asrashga jalb qilib, jamoatchilik nazoratini kuchaytirishdan iborat.

“O‘z hududingizda daraxtlarga zarar yetkazilayotganligini ko‘rsangiz, @ecogovuz_bot orqali bu haqda xabar bering. Unutmang! Ekologiya uchun barchamiz birdek mas’ulmiz”, - deyiladi xabarda.

Telegram botdan foydalanish tartibi:
murojaatni qaysi tilda yuborishni tanlaysiz;
ism-sharifingiz hamda aloqa uchun telefon raqamingizni kiritasiz;
murojaat qilinayotgan hududni tanlaysiz;
shikast yetkazilgan daraxtning joylashuvini (geolokatsiyasi) yuborasiz;
daraxtga yetkazilgan zarar haqida ma’lumot va ushbu holat aks etgan suratni yuborasiz.
Bot orqali murojaatning o‘rganilish holati haqida ham ma’lumot olish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida beton qoplama bilan o‘ralgan daraxtlarni betondan tozalash bo‘yicha ekoaksiya boshlangan edi. Aksiya doirasida Toshkentning barcha tumanlaridagi betonlangan va asfaltlangan daraxtlarning poydevori ochiladi.