TOShKENT, 25 apr — Sputnik. Chuvashiya respublikasi O‘zbekiston elektr ta’minoti tizimlarini modernizatsiya qilishga tayyor. Bu haqda Chuvashiya respublikasi rahbari Oleg Nikolayev Sputnik muxbiriga ma’lum qildi.
Chuvashiya korxonalari Rossiyadagi barcha elektrotexnika mahsulotlarining qariyb 70 foizini ishlab chiqaradi.
Ayni paytda ushbu segmentda 200 taga yaqin korxona faoliyat yuritmoqda, ulardan 25 taga yaqini jiddiy infratuzilma muammolarini hal etishga qodir.
“Hamkorlik doirasida biz O‘zbekistonning faoliyat ko‘rsatayotgan elektr ta’minoti tizimlari, shuningdek, kadrlar tayyorlash va mutaxassislar malakasini oshirishda uzluksiz modernizatsiya qilishga tayyormiz”, — dedi Oleg Nikolayev.
Shuningdek, u Chuvashiya respublikasi korxonalari atom energetikasi bo‘yicha katta tajribaga ega ekanligini va O‘zbekistonda atom elektr stansiyalari qurilishida ishtirok etishga tayyorligini ta’kidladi.