TOShKENT, 24 apr — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tatariston rahbari Rustam Minnixanovni qabul qildi.
Uchrashuvda ustuvor investitsiya loyihalarini amalga oshirish va madaniy-gumanitar almashinuvlarni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Xususan:
iqtisodiyotning turli tarmoqlarida ishbilarmonlar o‘rtasidagi istiqbolli sheriklik loyihalari,
O‘zbekiston hududlarida yangi industrial parklarni ochish va mavjudlarini rivojlantirish,
kichik biznes va axborot texnologiyalari sohalarida hamda kommunal tarmoqlarni modernizatsiya qilish bo‘yicha hamkorlik dasturlarini qabul qilish masalalari muhokama qilindi.
Aytish joizki, O‘zbekiston va Tatariston o‘rtasida mustahkam iqtisodiy-gumanitar aloqalar o‘rnatilgan va ular izchil rivojlanib bormoqda. Xususan, Minnixanovning mazkur tashrifi davomida yangi loyihaga – Jizzax viloyatida texnopark barpo etishga start berildi.
Shuningdek, Toshkent viloyatida “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparki muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Bundan tashqari, neft-kimyo va mashinasozlik tarmoqlarida yirik kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Qozon federal universitetining Jizzax shahridagi filiali faoliyati kengaytirilmoqda.
Shu bilan birga, shu kunlarda Toshkent shahrida o‘tayotgan “INNOPROM. Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat ko‘rgazmasi ishida Rossiya ishbilarmon doiralari delegatsiyasi tarkibida Tataristonning kompaniya va korxonalari faol ishtirok etmoqda.