Toshkentdagi konkur bo‘yicha turnir O‘zbekiston chavandozlarining g‘alabasi bilan yakunlandi

Balandligi 150 smni tashkil etgan to‘siqlardan sakrash yo‘nalishida barcha sovrinli o‘rinlar o‘zbekistonlik chavandozlarga nasib etdi.
Sputnik
TOShKENT, 24 apr — Sputnik. Yevrosiyo ligasining Gran-pri dasturi O‘zbekiston chavandozlarining g‘alabasi bilan yakunlandi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi xabar berdi.
Toshkentda konkur bo‘yicha “Eurasia league Tashkent 2023” turniri o‘z yakuniga yetdi. Musobaqaning so‘nggi kunida sportchilar asosiy yo‘nalish hisoblangan Gran-pri dasturida bahs olib borishdi.
Balandligi 150 smni tashkil etgan to‘siqlardan sakrash yo‘nalishida barcha sovrinli o‘rinlar o‘zbekistonlik chavandozlarga nasib etdi. Bellashuvlar yakunida oltin medalni o‘zbekistonlik tajribali chavandoz Bekzod Qurbonov qo‘lga kiritdi. “Matts V.G.” tulporida ishtirok etgan Qurbonov masofani 90,93 soniya ichida jarima ochkolarisiz bosib o‘tishga muvaffaq bo‘ldi.
1. Bekzod Qurbonov (O‘zbekiston) – “Matts V.G.”;
2. Saidamirxon Turg‘unboyev (O‘zbekiston) – “Calleko”;
3. Nurjan Tuyakbayev (O‘zbekiston) – “Quintus HB”.
Musobaqaning yana 3 bosqichida ham o‘zbekistonlik sportchilar g‘alaba qozona olishsa, yana bir bor kelasi yil o‘tadigan Jahon kubogining final bosqichiga yo‘l olishadi.
Musobaqaning ikkinchi bosqichiga ham Toshkent mezbonlik qiladi, bellashuvlar 27-30 aprel kunlari o‘tkaziladi.