TOShKENT, 22 apr — Sputnik.O‘zbekistonda 9 yoshdagi qizlarni papilloma virusiga qarshi emlash boshlandi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, milliy emlash kalendari asosida “Odam papilloma virusi (VPCh)”ga qarshi emlash o‘tkazilmoqda.
Aprel va may oylarida joylardagi davolash-profilaktika muassasalarining emlash brigadalari tomonidan 9 yoshdagi qizlarni emlash tadbirlari olib boriladi.
“Buning uchun 3138 ta emlash punktida tibbiyot xodimlarining tayyorgarligi oshirilib, rejaga asosan 307 064 nafar 9 yoshdagi qizni emlash qamrovi jarayoni davom etayapti”, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, agar VPCh vaksinasi bilan emlash o‘tkazilsa kelgusida 1100 nafar ayolni bachadon bo‘yni saratoni bilan kasallanishining oldi olinadi va 583 nafar ayolning hayotini saqlab qolishga erishiladi.
Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, bachadon bo‘yni saratoni O‘zbekistonda barcha yoshdagi ayollar o‘rtasida ko‘krak bezi saratonidan keyingi o‘rinda turadigan va eng ko‘p tarqalgan saraton kasaligi hisoblanadi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga ko‘ra, har yili dunyo bo‘yicha 528 000 nafar ayol bachadon bo‘yi saratoni kasalligi bilan kasallanib, ulardan 266 000 nafari nobud bo‘lmoqda.
O‘zbekistonda esa har yili 1660 nafar ayol bachadon bo‘yni saratoni kasalligiga chalinayotgan bo‘lsa, 608 nafar ayol vafot etmoqda.