AQSh Ukraina mojarosi tugashini istamaydi — Xitoy elchisi

Xitoyning Fransiyadagi elchisi Lyu Shayening aytishicha, AQSh Ukrainadagi mojaroning barham topishini istamaydi.
Sputnik
TOShKENT, 22 apr — Sputnik. Xitoyning Fransiyadagi elchisi Lyu Shaye LCI telekanaliga bergan intervyusida amerikaliklar Ukrainadagi mojaroga barham berishdan manfaatdor emasligi haqida fikr bildirdi, deya xabar berdi RIA Novosti.
“Mojaroning barcha tomonlari muloqot boshlashdan manfaatdor va tayyor bo‘lishi kerak. Hozir Rossiya rahbariyati tomonidan muzokaralarni boshlash istagi borligi, Ukraina tomoni ham muzokaralar o‘tkazish istagini bildirganini ko‘rapmiz. Ammo menimcha, amerikaliklar urushning tugashini istamayapti, NATO a’zolari esa Ukrainaga qurol yetkazib berishda davom etmoqda”, — dedi Xitoy elchisi.
Avvalroq Rossiya Ukrainaga qurol yetkazib berilgani uchun NATO davlatlariga nota yuborgan edi. Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Ukraina uchun qurol bo‘lgan har qanday yuk Rossiya uchun qonuniy nishonga aylanishini qayd etdi. Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligi NATO davlatlari Ukrainaga qurol yetkazib berish orqali “o‘t bilan o‘ynamoqda”, deya ta’kidlagan.
Rossiya Federatsiyasi prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Ukrainaga G‘arbdan qurol-yarog‘ yetkazib berish Rossiya-Ukraina muzokaralarining muvaffaqiyatiga hissa qo‘shmasligi va salbiy ta’sir ko‘rsatishini qayd etgan.
Lavrovning aytishicha, AQSh va NATO Ukrainadagi mojaroda, jumladan, “nafaqat qurol-yarog‘ yetkazib berish, balki Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya va boshqa davlatlar hududidagi xodimlarni tayyorlash bilan ham bevosita shug‘ullanadi”.