TOShKENT, 21 apr — Sputnik. Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning reytingi mamlakatda o‘tkazilgan pensiya islohoti tufayli rekord darajadagi past ko‘rsatkichga tushib ketdi, faqat 26 foiz fransuzlar davlat rahbarini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu BVA markazi tadqiqoti natijalaridan ma’lum bo‘ldi, deya yozadi RIA Novosti.
“Prezident reytingi 2017-yildan buyongi eng past darajada, 26 foiz unga yaxshi munosabatda”, - deyiladi BVA saytidagi hujjatda.
Tadqiqotda ta’kidlanishicha, Makronning mashhurligi oxirgi marta 2018-yil oktabrida “sariq nimchalilar” inqirozi paytida xuddi shu darajagacha tushib ketgandi.
Yana 32 foiz Fransiya aholisi prezidentga “yaxshidan ko‘ra yomonroq”, yana 41 foizi esa “juda yomon” munosabatda.
Atigi 36 foiz fransuzlar Makron avvalgidek o‘z obro‘sini saqlab qolmoqda deb hisoblaydi. Shu bilan birga aksariyat aholi (84 foiz) Fransiya yetakchisi tobora “odamlardan uzoqlashmoqda” deb hisoblaydi.
Ammo shu bilan birga tadqiqot saylov bazasi unga sodiq qolayotganini ko‘rsatgan, va 2022-yilgi prezident saylovining birinchi bosqichida amaldagi davlat rahbariga ovoz berganlarning 70 foizi avvalgidek Makronni qo‘llaydi.
Qolaversa, tadqiqot 63 foiz fransuzlar pensiya yoshi oshirilishi bilan bog‘liq norozilik namoyishi davom etishini xohlashini ko‘rsatgan. Mamlakat aholisining 45 foizi hukumat xatti-harakatidan g‘azabda, yana 38 foizi xavotir bildirgan.
Tadqiqot maxsus RTL radiostansiyasi uchun 18-apreldan 19-aprelgacha o‘tkazilgan. Unda 18 yoshdan yuqori bo‘lgan 1002 nafar fransuz qatnashgan.
Fransiya Konstitutsiyaviy kengashi 14-aprel kuni 2030-yilga kelib pensiya yoshini mamlakatda 62 yoshdan 64 yoshga oshirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ma’qulladi. Uni Makron imzoladi va rasmiy jurnalda chop qilindi. Bu mamlakatda noroziliklar avj olishiga sabab bo‘ldi.