TOShKENT, 21 apr — Sputnik. 19-aprel kuni “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kreditlar ajratishni takomillashtirish hamda aholining doimiy daromad manbalarini ko‘paytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Hukumat qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, oilaviy dasturlar bo‘yicha kreditlar foizi yillik 14 foizdan oshmaydi. Bunda:
- kreditlar ustuvor ravishda dasturlar bo‘yicha avval kreditlardan foydalanmagan aholi va tadbirkorlarga ajratiladi;
- dasturlar doirasida ilgari olgan kreditlaridan samarali foydalanib, tadbirkorligini yo‘lga qo‘ygan va kredit to‘lovlarini o‘z vaqtida to‘lagan kichik tadbirkorlarga o‘z faoliyatini yanada kengaytirishi uchun mazkur kreditlardan takroran foydalanishga ruxsat etiladi.
Shuningdek:
- hokimliklar dehqon xo‘jaliklariga yer maydonlaridan samarali foydalanish hamda “bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida mahsulotlar yetishtirish va yetishtirilgan mahsulotlar bozorini topishga ko‘maklashadi;
- Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi narxlar asossiz o‘sishining oldini olish, yetkazib berilayotgan mahsulotlar (ko‘rsatilayotgan xizmatlar) narxlarining hududdagi ichki bozor narxlariga mutanosib bo‘lishini ta’minlaydi;
- hokim yordamchilarining kredit ajratish bo‘yicha tavsiya berishiga mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining aralashuviga yo‘l qo‘yilmaydi.
- “marketpleys” tizimi “E-aktiv” axborot tizimi bilan integratsiya qilinadi.
Dasturlar doirasida 50 mln so‘mgacha garovsiz kreditlar:
prezident qaroriga asosan zargarlik ishi yo‘nalishi bo‘yicha maxsus o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tugatib, sertifikat olgan shaxslarga zargarlik buyumlari ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan jihozlar va asbob-uskunalar sotib olish uchun;
agrar tarmoqda o‘z biznesini tashkil etishga ko‘maklashish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda dehqon xo‘jaliklarining ulushini oshirish maqsadida uzoq muddatga qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonlarini ijaraga olgan dehqon xo‘jaliklari va kichik tadbirkorlarga ajratiladi.