Abu-Dabidan O‘zbekistonning turistik shaharlariga aviareyslar soni oshiriladi

Madaniyat va turizm vazirining birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek Azamov “WizzAir Abu Dhabi” aviakompaniyasi boshqaruvi direktori Yoxan Eydxagen hamda aviakompaniya mutasaddi xodimlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Sputnik
TOShKENT, 20 apr — Sputnik. BAAning “WizzAir Abu Dhabi” loukoster aviakompaniyasi O‘zbekiston shaharlariga aviareyslar sonini ko‘paytiradi. Bu haqda Sputnik muxbiri xabar berdi.
Madaniyat va turizm vazirining birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek Azamov “WizzAir Abu Dhabi” aviakompaniyasi boshqaruvi direktori Yoxan Eydxagen hamda aviakompaniya mutasaddi xodimlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida xorijiy tomonga O‘zbekistonning turistik salohiyati, yaratilgan qulay sharoitlar va taqdim etilayotgan imtiyozlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.
Eydxagenning qayd etishicha, O‘zbekistonda turistik sohani rivojlantirish uchun ulkan salohiyat va barcha shart-sharoitlar mavjud.
Shundan kelib chiqib, “WizzAir Abu Dhabi” aviakompaniyasi bilan 2023-yilda mamlakatga yangi yo‘nalishlar ochish va Abu-Dabidan O‘zbekistonning turistik shaharlariga aviareyslar sonini oshirish rejalashtirilgani ma’lum qilindi.
Hozirgi kunda “WizzAir Abu Dhabi” aviakompaniyasi haftasiga 3 marotaba “Abu-Dabi – Toshkent - Abu-Dabi” va haftasiga 4 marotaba “Abu-Dabi – Samarqand - Abu-Dabi” yo‘nalishlarida parvozlarni amalga oshirib kelmoqda.
Muzokaralar yakuniga ko‘ra, Madaniyat va turizm vazirligi va “WizzAir Abu Dhabi” aviakompaniyasi o‘rtasida muntazam axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish, aviakompaniya havo kemalarida va veb-resurslarida O‘zbekistonning turizm salohiyatini targ‘ib qilish, istiqbolli aviayo‘nalishlarni hamkorlikda ishlab chiqish hamda yaqin kelajakda o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolash kabi kelishuvlarga erishildi.