TOShKENT, 19 apr — Sputnik. Vengriya Ukrainadan olib kirish taqiqlangan mahsulotlar ro‘yxatini kengaytirdi. RIA Novosti xabariga asosan.
"Taqiqlangan oziq-ovqatlar ro‘yxatiga qoramol go‘shti, cho‘chqa go‘shti, echki va qo‘y go‘shti, parranda go‘shti, tuxum, asal, yangi va konservalangan sabzavotlar, qamish va lavlagi shakari, turli xil don mahsulotlari, unlar, non va non mahsulotlari, vino va yangi uzum kiritildi", - deyiladi xabarda.
Ushbu taqiqning amal qilish muddati 2023-yil 1-iyulda tugashi qayd etilgan. Lekin Vengriya Qishloq xo‘jaligi vazirligi kotibi Shandor Farkash YeI Vengriya agrar sektorini himoya qilishga doir qaror qabul qilmagan taqdirda, uning hukumati Ukrainadan qishloq xo‘jalik mahsulotlari olib kirish muddatini uzaytirishi mumkinligini xabar qilgan edi.
Vengriya qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, ushbu davlat fermerlari Ukraina mahsuloti tufayli o‘z daromadining 3/1 qismini yo‘qotgan. Ikkinchidan, Ukrainadan olib kelingan makkajo‘xori tarkibida mikotoksinlar bilan zaharlanish holatlarini aniqlagan va bir nechta namunalar GMO testida ijobiy natija ko‘rsatgan.
Eslatib o‘tamiz, 15-aprel kuni Polsha va Vengriya Ukrainadan bir qator o‘simlik va hayvonot mahsulotlari importini taqiqlashini e’lon qilgan edi. Sabab Ukrainaga yordam siyosati doirasida ushbu davlatlar olib kelinayotgan qishloq xo‘jalik mahsulotlari barcha soliqlardan ozod qilingani. Natijada Yevropaning Ukrainaga chegaradosh bo‘lgan davlatlari qishloq xo‘jalik sektori kuchli raqobatga duch kelmoqda. YeI esa ushbu davlat ishlab chiqaruvchilarini himoya qilish choralarini ko‘rmayapti. Bir necha kun oldin Ruminiya, Polsha va yana bir necha davlatlarda fermerlar norozilik namoyishlari uyushtirishgan edi.
Mart oyi oxirida Polsha, Vengriya, Ruminiya, Bolgariya va Slovakiya bosh vazirlari Ukrainadan g‘alla oqimi tufayli yuzaga kelgan inqirozga aralashish iltimosi bilan Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayenga murojaat qilgan edi.