Ramazon hayiti 21-aprelga to‘g‘ri kelishi haqida dastlabki xulosalar qilinmoqda - O‘MI

AQSh, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston kabi bir qator davlatlarda 21-aprel, juma kuni Ramazon hayiti deb e’lon qilindi.
Sputnik
TOShKENT, 19 apr — Sputnik. Ramazon hayiti kuni 2023-yil 21-aprel, juma kuniga to‘g‘ri kelishi haqida dastlabki xulosalar qilinmoqda. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Fatvo markazi ma’lum qildi.
Bu mavzuga oid so‘nggi ma’lumotlarni Telegram-kanalimizda e’lon qilamiz. Obuna bo‘ling va tezkor xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing
Qayd etilishicha, xorijdagi nufuzli astronomiya markazlari va O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi qoshidagi Astranomiya institutidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, 2023-yil Ramazon hayiti kuni, ya’ni Shavvolning yangi oy fazasi shu yil 20-aprel, payshanba kuni Toshkent vaqti bilan soat 09:12 da, Saudiya Arabistoni vaqti bilan esa 07:12 da sodir bo‘ladi.
Astranom olimlar xulosasiga ko‘ra, shu kuni Shavvol oyi hiloli O‘zbekiston hududida ko‘rinmasa-da, lekin dunyoning ayrim mintaqalarida ko‘rish mumkin bo‘ladi.
Shar’iy masalalar va astronomik hisob-kitoblarga tayangan holda 1444 hijriy yil Shavvol oyi hiloli milodiy 2023-yil 20-aprel kuni Yer yuzining ayrim hududlarda kuzatiladi.
“Shu bois Ramazon hayiti kuni 2023-yil 21-aprel, juma kuniga to‘g‘ri kelishi haqida dastlabki xulosalar qilinmoqda”, - deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, AQSh, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston kabi bir qator davlatlarda joriy yil 21-aprel, juma kuni Ramazon hayiti deb e’lon qilindi.
Xabarda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi 20-aprel kuni mamlakatda Ramazon hayiti qachon nishonlanishi borasida yakuniy xulosalari taqdim etishi qo‘shimcha qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ishchi guruh O‘zbekistonda Ramazon hayiti qachon bo‘lishini aniqlayotganini xabar qilingan edi.