O‘zbekiston Rossiya bilan gospital pedagogikani rivojlantirish bo‘yicha shartnoma imzoladi

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi “UchimZnayem” gospital maktabi bilan hamkorlik shartnomasini imzoladi.
Sputnik
TOShKENT, 19 apr — Sputnik. O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida gospital pedagogikani rivojlantirish bo‘yicha shartnoma imzolandi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xabar berdi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova hamda Rossiyaning “UchimZnayem” maktabi direktori, gospital maktablar loyihasi tashkilotchisi va rahbari Sergey Sharikov ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbir "Mehrli maktab” Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazida o‘tkazilib, unda O‘zbekiston va Rossiya tomonlaridan mas’ul xodimlar ishtirok etdi.
Uchrashuvda vazirlik hamda “UchimZnayem” gospital maktabi tomonidan “Uzoq muddatli davolanayotgan bolalar uchun ta’lim muhitini yaratish” bo‘yicha hamkorlik shartnomasi imzolandi.

“Ikki tomonlama hamkorlikda imzolangan shartnoma maktab tarbiyalanuvchilarining markazda davolanishi, sifatli va qulay ta’lim olishga ko‘mak beradi”, - deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, hozirda "Mehrli maktab" davlat ta’lim muassasasida 81 nafar maktabgacha yoshdagi bolalar va 71 nafar maktab yoshidagi o‘quvchilar mavjud. Bu yerda o‘quv jarayonini tashkil etish uchun alohida o‘quv reja tasdiqlangan bo‘lib, dars mashg‘ulotlari o‘zbek va rus tillarida, 12 ta fandan olib boriladi.
Kelgusida Qoraqalpog‘iston respublikasi, Andijon va Farg‘onada ham shu kabi gospital maktablar ochilishi rejalashtirilgan.