TOShKENT, 18 apr — Sputnik. Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Parlamentlararo Assambleyasi (MDH PA) kuzatuvchilari 27-aprel kuni O‘zbekistonda o‘z ishini boshlaydi. Bu haqda MDH PAda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ma’lum qilindi.
MDH PA kuzatuvchilarining O‘zbekiston MSK rahbariyati hamda Qoraqalpog‘iston, Samarqand va Buxoro viloyatlari okrug komissiyalari ishtirokidagi onlayn uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
© t.me/CISLive
Yig‘ilishda MDH PA Kengashi bosh kotibi Dmitriy Kobiskiy O‘zbekistonda referendum bo‘yicha Assambleyadan kuzatuvchilar guruhini shakllantirish yakunlanganini ma’lum qildi.
Uning tarkibiga Hamdo‘stlik mamlakatlari parlamentlari vakillari, MDH PA rasmiylari va MDH PA Demokratiya rivojlanishini monitoring qilish xalqaro instituti ekspertlari kirmoqda.
Guruh muvofiqlashtiruvchisi etib Belarus Respublikasi Milliy Assambleyasi Kengashi a’zosi Sergey Rachkov tayinlandi.
Qayd etilishicha, 27-apreldan 1-mayga qadar qisqa muddatli monitoring bosqichida MDH PA kuzatuvchilari guruhi Toshkent va viloyatlardagi saylov uchastkalarida bo‘ladi.
Shuningdek, kuzatuvchilar Olmaota, Boku, Bishkek, Moskva, Sankt-Peterburg, Qozon, Yekaterinburg, Vladivostok, Rostov-Don, Novosibirsk, Minsk, Rim, London, Parij, Pekin va Seuldagi referendum uchastkalarida ham bo‘lishadi.
© t.me/CISLive
O‘zbekiston tomoni qayd etishicha, bugungi kunga qadar 10 ming 758 referendum uchastkasi tuzilib, komissiyalarda 117 ming kishi faoliyat yuritmoqda. MSK rahbarining so‘zlariga ko‘ra, referendum o‘tkazish bo‘yicha 400 dan ortiq uchastkalar videokuzatuv bilan jihozlanadi.