O‘zbekistonda ilk marotaba xalqaro zargarlik ko‘rgazma savdosi o‘tkaziladi

Ko‘plab mamlakatlarning zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi yetakchi brendlari o‘z mahsulotlarini namoyish etishadi.
Sputnik
TOShKENT, 17 apr — Sputnik. O‘zbekistonda 26-28 may kunlari ilk marotaba zargarlik sanoatining zamonaviy uskuna, texnologiyalari va zargarlik buyumlari “Uzbek Jewellery Fair – 2023” xalqaro ko‘rgazma savdosi o‘tkaziladi. Bu haqda O‘zbekiston zargarlik sanoati uyushmasi xabar berdi.
Toshkentdagi Yoshlar ijod saroyida bo‘lib o‘tadigan mazkur xalqaro zargarlik ko‘rgazmasi savdosida Turkiya, Yaponiya, Hindiston, Birlashgan Arab Amirligi, Rossiya va boshqa ko‘plab mamlakatlarning zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi yetakchi brendlari o‘z mahsulotlarini namoyish etishadi.
“Uzbek Jewellery Fair-2023” O‘zbekistonda zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilar, ulgurji va chakana sotuvchilar, agentlar, distributorlarga mo‘ljallangan birinchi va yagona ixtisoslashtirilgan zargarlik buyumlarining ko‘rgazmasidir.
Ko‘rgazma doirasida O‘zbekiston Zargarlik sanoati assotsiatsiyasi tomonidan “Uzbekistan Jewellery Awards” mukofoti sovrindorlarini taqdirlash marosimi ham bo‘lib o‘tadi.